Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi
Chop etilgan
4-yangilik, jami 23 ta

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar tomonidan irrigatsiya-melioratsiya obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish hamda suv resurslarini boshqarishni raqamlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan suv xoʻjaligi vaziri Shavkat Hamroyevning axboroti eshitildi. Vazir axborotiga koʻra, 2023-yilda 190 ta irrigatsiya va melioratsiya obyektida qurilish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilib, belgilangan vazifalar toʻliq bajarilgan.
Shuningdek, melioratsiya yoʻnalishida 230,3 km. ochiq, 156,0 km. yopiq kollektor-drenaj tarmoqlari, 6 ta vertikal drenaj qudugʻi, 59 ta gidrotexnik inshoot, 58 ta kuzatuv quduqlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari olib borilgan. Bundan tashqari, irrigatsiya tizimini raqamli texnologiyalar asosida avtomatlashtirilgan boshqaruvga oʻtkazish maqsadida 2023-yilda 7 339 ta “Aqlli suv”, 2 578 ta “Dayver” va 271 ta nasos qurilmalari oʻrnatilib, 21 ta yirik suv xoʻjaligi obyektining boshqaruv jarayonlari avtomatlashtirilgan.
Bu borada suv isteʼmolchilari kesimida suvning hisobi va hisobotini yuritish, shuningdek ular toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirish uchun esa moʻljallangan “Suv hisobi” axborot tizimi yaratilgan. Majlisda vazirlik tomonidan 2024-yilda 215 ta obyektda 1 880,0 mlrd. soʻmlik qurilish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilishi belgilangani va bu boʻyicha tizimli ishlar roʻyobga chiqarilayotgan qayd etildi. Munozaralar davomida deputatlar sohadagi ishlarni eʼtirof etgan holda ayrim kamchiliklar va hal etilishi lozim boʻlgan masalalar ham mavjudligini qayd etib, bir qator savollarni oʻrtaga tashladilar.
Xususan, respublikamizda iqtisodiyot tarmoqlarini suv bilan kafolatli taʼminlash boʻyicha qanday choralar koʻrilayotgani, yirik kanallarni betonlashtirishda budjetdan ajratilayotgan mablagʻlarni nazorat qilish tizimi qanday amalga oshirilayotganiga oid savollar yuzasidan vazir batafsil javob berdi. Deputatlar hududlarda suv xoʻjaligi obyektlarida oʻrnatilgan raqamli qurilmalarni masofadan boshqarish, kuzatib borish, masofadan texnik xizmatlar koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish lozimligini taʼkidladilar.
Shu bilan birga, suv xoʻjaligida bozor iqtisodiyoti tamoyillarini va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish hisobidan suv inshootlarini modernizatsiya qilish, suv xoʻjaligi tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini takomillashtirish borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish boʻyicha bir qator taklif va tavsiyalar berdilar.


